Betakror ijodkor ijodida takror

Betakror  ijodkor  ijodida  takror

Mana  takror  keldi  gul  bahor

Yana  takror  gul ochdi  g’uncha

Vale  sensiz qolgandi jahon

Dilda  sog’inch  uyg’ondi  takror

Darhaqiqat, qariyib 15 yil  bo’libdki,  o’zbekning  asl  she’riyat  ixlosmandlari  bahorning  aprel  oyini bir sog’inch  va  xo’rsinish  bilan qarshi oladilar.  Bu  sog’inch va  dilgirliklarga  sababchi  betakror  ijodkor,  albatta, o’zbek o’g’loni,  noyob  iste’dod  sohibi  ustoz  Muhammad Yusufdir.

Biz adabiyot ixlosmandlari  shoir  ijodini  qancha  ko’p o’rgansak  ham ijodkorlarning  qalb  tug’yonlari  so’ngsiz  va ko’ngil maxzani   tubsiz  ekanini anglayveramiz. Buyuk  bir ijodkor  yaratgan  ummon    ming-ming  havaskor  sho’ng’ishiga yetgulik  chuqurdir.  Shu  bois  Muhammad Yusuf  ijodi  ham  takror  o’rganilishga loyiq.

Andijon  farzandi  she’rlaridagi  jilva  va o’ziga  xoslikni  anglash  uchun  adabiyot  vakili,   ijodkor  yoki ziyoli bo’lish  shart emas.  Oddiy  kitobxon  muxlis  ham  buni  ko’ra oladi.  Adib  ijodini  bunday  yetuklikka  olib keluvchi  unsurlar  juda ko’p. She’rlarning ohangdorligi,  insonni o’ziga tortishi  beqiyos  mazmun va   jarangdor shaklning  uyg’unligidadir.  Mazmun  va shaklga  o’zgachalik  qo’shgan badiiy   san’atlar  ichida  yetakchilik  qilishga  loyiq  san’atlardan  biri takror  hisoblanadi.  Muhammad Yusufgina  emas,  balki  barcha  ijodkorlarning  nazmida  takrorning  bir  qancha  turlari  uchraydi. Tom  ma’noda  takror  lirikaning  asoslaridan biridir. Barmoq  vaznidagi   bo’g’inlar  sonini  takroridan  tortib  to   unli  va undosh  tovushlar takrori,  so’z,  jumla,  band  takrori  ham  bu  san’atning  ko’rinishlaridir.

Muhammad  Yusuf  o’z  ijodida  badiiy  san’atlardan  mahorat  bilan  foydalangan,  ayniqsa,  takror   san’atini  she’rlariga  ustalik  bilan  singdira  olgan. Shoir  she’riyatida   takrorning   allitratsiya,  assonans,  anafora,  epifora,  qaytarish  san’ati,  tardi aks, musalsal,  misra  va  band takrori turlari  mavjud.

Bu  beshafqat,

Bu  beozor dunyoda

Bu shunday  keng

Bu  shunday  tor  dunyoda

Kimlar  kelib

Kimlar  ketar  dunyoda,

Qo’ng’izning  ham  Vatani  bor  dunyoda

Nega  yig’lar  qirimtatar  dunyoda?…

Bu  she’r  bandida  takrorning  bir  necha  ko’rinishlarini  uchratamiz.

Dastlab  she’rni  o’qiganda  takrorning  anafora  turi  ko’zga  yaqqol  tashlanadi. Ya’ni  bu  ko’rsatish  olmoshi  aynan  o’z  ma’nosida  4 misra  boshida  4 marta  takrorlanyapti.Bunda   takrorning  estetik  funksiyasi  ishora,  ko’rsatish, ajratib  ko’rsatish  ma’nolarini  kuchaytiryapti.  Band  shu  qadar  ohangdor,  jarangli  va  ta’sirchanki,  bunga  she’riy  sintaksis  sabab  bo’lgan.  She’rdagi  har  ikki  ketma-ket  misralarda  alletratsiyani  ham  uchratamiz.  Masalan: bshkdy  undoshlari takrori.

Shoir  she’rlarida  epifora-misra  so’nggida  so’z  va  so’z  birikmalarning   takror  holda  qo’llanishi  ham  ijodkor  mahoratini  ochib  beruvchi  bir  qirradir.

Ota  desam  bag’ri-dilim  yonaverar,

Kunim  yonar,  oy-u   yilim  yonaverar,

Mozorida  qo’ygan gulim  yonaverar,

Tutunlarga  to’lib  ketgan  osmonim  bor.

Bu  she’riy  parchada  takrorning  gradatsiya  turi  ham  bor.  Kun-oy-yil  tarzida  ma’no  kuchyishi  sodir  bo’lyapti.

Bu  kabi  uslubiy  san’at  va usullar  yordamida  she’r  jilovlanib,  ohangdorligi  ortib,  she’riy  nutqqa  xoslikni  saqlab qoladi.  Muhammad Yusuf   lirikasida  so’z  takrori  eng  ko’p  uchraydigan  takror   turi  hisoblanadi.  Bu  takror  ijodning  ta’sirchanligini,  ma’no  nozikliklarining  yaqqol  sezilishini,  xalqchil  va  serjiloligini  oshiradi.  O’zbek  tilining  cheksiz  imkoniyatlarini   ko’rsatib  beradi. Muhammad  Yusuf   she’rlarining  kuyga  solinib,  xalq  tilidan  tushmasligi  ham  shundadir.

 

 

 

 

 

 

 

                                  Tajriba yoki tavsiya rukni ostida.

Ona tili darslarida mavzuga mos metodlar qo’llash

Biz pedagoglar muqaddas hisoblangan darslarimizni sifati va samarasini muntazam nazorat qilib borishimiz lozim. O’tilajak har bir mavzu ilm talab o’quvchilar onggida muhrlanib qolishi uchun  mavzuga  mos noan’anaviy usullardan keng foydalanishimiz kerak. Masalan: 5-7-sinflar o’rtasida boshqa fanlar bilan bog’lash orqali mavzuni tushuntirish, qiyoslash – solishtirish usuli,  “ T- chizma “ usuli, “Ma’lumotlar zanjiri” usullari  yaxshi natija beradi.

Namuna: “Ma’nodosh so’zlar qatorida  bosh so’z” mavzusi matematika faniga  bog’lab tushuntirildi. Bunda ma’nodosh so’zlar   “ x – y ” chizig’iga  y- o’qi yo’nalishida  joylashtiriladi. Bosh so’z  [0] + raqamiga qiyoslanadi, ya’ni betaraf (neytral) so’z ekanligi tushuntiriladi. Bu esa [0] matematikada musbat, manfiy tomonga ham tegishli emas ekanligi ta’kidlanadi. Ijobiy bo’yoqdorlik – manfiy tomonda ko’rsatiladi. Sozning ma’no nozikliklari ham nazardan chetda qolmaydi. O’quvchilarning o’zlashtirish, gaplar tuzishda so’zni to’g’ri tanlashidan, mashqlarni ikkilanmay aniq bajarishidan, bosh so’zga ko’p va tez misollar keltira olishidan aniqlashimiz mumkin.  Yana ona tili darslarida “Qoida keltirib chiqarish” usuli ham yaxshi samara beradi. Bunda: O’quvchilar darsliklari yopib qo’yiladi va sinf taxtasiga yozilgan yangi mavzu so’zlariga birma-bir ta’rif beriladi. Mavzuga oid asosiy tushunchalar sanab o’tiladi. Yangi mavzu og’izaki tarzda o’tilgan mavzuga bog’lab tushuntiriladi. So’ng 6-7 daqiqa vaqt beriladi, O’quvchilar  qoida daftariga tushungan va eslab qolgan ma’lumotlarini, qoida shaklida yozadilar. Birinchi yozib bo’lgan o’quvchi o’qib beradi. Yana 3-4 nafar o’quvchi qoidani o’qiydi. Keyin darsliklar ochilib qoidalar solishtiriladi. Darslikda berilgan qoidaga  mazmunan yaqin qoida tuzgan o’quvchilar rag’batlantiriladi.

Dars  jarayonida sinf kesimiga, o’quvchilarning bilim salohiyatiga va mavzuga mos metod qo’llash ko’p izlanish      va darslarda tinimsiz tajribalar olib boorish haqiqiy pedagoglik salohiyatining oshishiga olib keladi.

 

                                                                       Andijon viloyati Oltinko’l tumanidagi              

                                                                        28-DIMI   ona tili   va   adabiyot   fani  

                                                                         o’qituvchisi    Nilufarxon    Nazarova

 

 

 

Добавить комментарий